Tadbirkorlar bilan yuzma-yuz
Raqobat muhitini rivojlantirish va mahalliy mahsulotlarning ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida muhim tadbirlar uyushtirilmoqda.
Yaqinda Jizzax shahri va Mirzacho‘l tumanida huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari rahbarlarining bo‘lib o‘tgan ommaviy sayyor qabuli ham shular jumlasidandir.
Jizzax viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i B.Tashpo‘latov ham shu hududlar tadbirkorlari bilan yuzma-yuz uchrashib, ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda soliq tizimidagi muammolarni hal etish, barqarorlik reytingining mazmun-mohiyatini tushuntirish va ichki bozorda teng raqobat muhitini yaratish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbirkorlarga tashqi bozorlarda imkoniyatlarini kengaytirish borasida yaratilib berilgan sharoitlar haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi. Viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i uchrashuvda hozir bo‘lgan tadbirkorlarning har biri bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘lib, tadbirkorni qiynayotgan muammolar, taklif va mulohazalarni diqqat bilan tinglab, ularning har birini alohida-alohida qayd etib bordi.
– O‘zbekistonning iqtisodiy ko‘rsatkichlari ijobiy o‘sishda davom etib, joriy yilning o‘tgan 7 oylik eksport hajmi 13 foizga oshdi va u 10 milliard AQSH dollaridan ortdi, – deydi Jizzax viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Begzod Tashpo‘latov. – Bu jarayonda avvalgi davrlarda eksport qilmagan 1610 ta yangi korxona tashqi bozorlarga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa mamlakatimizning iqtisodiy barqarorligini oshirish va tadbirkorlik faoliyati rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu uchrashuv tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishda, ularning fikr-mulohazalari va takliflari soliq tizimining takomillashtirilishi, raqobatbardosh muhitning yaratilishida muhim ahamiyatga egadir.