Sayyor qabulda aholini qiynayotgan masalalar hal etildi

News Image

Aholi vakillarini qiynayotgan ba’zi masalalar bo‘ladiki, ularni eng quyida – mahalla kesimida hal qilish mumkin. Bunday muammolarning yuzaga kelishiga esa qaysidir mas’ulning biroz e’tiborsizligi yoki mas’uliyatsizligi sabab bo‘ladi.

Prezidentimizning xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak degan tamoyilni ilgari surgani bunday holatlarning keskin kamaytirishga xizmat qildi. 

Joylarda barcha darajadagi rahbarlar bilan jonli muloqot va sayyor qabullar yo‘lga qo‘yilishi an’anaga aylandi. Bunda davlat idoralari quyi tizimga tushib, aholi ehtiyojlari asosida ish olib bormoqda. 

Poytaxtimizning Yunusobod tumanida ana shunday tadbirlardan biri – Prezident Xalq qabulxonasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Umar Ismoilov, tuman hokimi Bahodir Abduvaliyev, Toshkent shahar Xalq qabulxonasi rahbari Tohir Mullajonov hamda sektor rahbarlarining sayyor qabuli tashkil etildi. 

Qabulda fuqarolarning mehnat, bandlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, yer, mulk, sud-huquq va boshqa masalalardagi murojaati tinglandi. 

Yetmish nafarga yaqin murojaatchining aksariyati Yunusobod tumanida, shuningdek, Toshkent shahrining boshqa hududlarida istiqomat qiladi. 

Masalan, Chinobod ko‘chasida yashovchi fuqaroning ishga joylashish masalasidagi murojaati joyida ko‘rib chiqildi. U Toshkent lak-bo‘yoq korxonasiga hamshira sifatida ishga joylashtirildi.  Billur mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaroning ancha yillardan buyon nogiron bo‘lgan farzandiga moddiy yordam ajratib berildi. Salomatligini tiklash uchun moddiy yordam so‘raganlar ham bo‘ldi. Ularning davolanishi uchun ham tegishli tartibda ko‘mak berildi. 

Har bir masalaning ortida bir inson taqdiri borligi inobatga olinib, sayyor qabul mobaynida ko‘plab fuqarolarning muammolari shu kunning o‘zida ijobiy hal etildi. Ba’zilarga huquqiy tushuntirish berilib, qisqa muddatda hal etish bo‘yicha nazoratga olindi. 

Bu kabi qabullar orqali fuqarolarning murojaatlarini hal etish ishlari davom etmoqda.

2024-12-01 |

Yangiliklar