Minglab oilalarning turmush sharoiti yaxshilanmoqda
Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan Prezident Administratsiyasi hamda Xalq qabulxonasi boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi vakillari ijtimoiy-iqtisodiy holati og‘ir eng chekka hududlarda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hamda joylarda qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha faoliyatini davom ettirmoqda.
Hozirda Prezident maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligidagi Respublika ishchi guruh Toshkent viloyatining Bekobod shahri, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, Quyi Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlaridagi 246 ta mahallada xonadonbay ishlarni amalga oshirmoqda.
Xususan, Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar hamda o‘rganishlar natijasi asosida o‘tgan bir oydan ziyod davr mobaynida mazkur tumanlardagi 348 ta sharoiti og‘ir bo‘lgan oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi, 249 ta oilaning uy-joyi ta’mirlandi, 100 ga yaqin oilaga turli asbob-uskunalar xaridi uchun cubsidiya ajratildi, 13 mingga yaqin ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, tadbirkorlikni boshlash yoki kengaytirish uchun 400 ga yaqin fuqaroga 5 milliard 738 million so‘m imtiyozli kredit ajratilishi ta’minlandi.
Misol uchun, Bo‘ka tumani "Guliston" ko‘chasida yashovchi Aktam Jo‘rayev ishsiz edi. Oilani kambag‘allikdan chiqarish maqsadida o‘z tomorqasida issiqxona tashkil qilishi uchun Respublika ishchi guruhi tomonidan moddiy ko‘mak ko‘rsatildi. Ayni paytda u oila a’zolari bilan to‘qsonbosti ekinlar ekmoqda.
Yuqori Chirchiq tumani Usmonobod mahallasida yashovchi Behzod Jamoliddinovga ro‘zg‘orini o‘nglab olishi uchun 30 sotix yer ajratildi hamda xonadonida 3 sotix issiqxona tashkil etishi uchun 10 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi, issiqxona ustiga homiylik hisobidan polietilen qoplama ham olib berildi.
Tumaning Chumchuqjar mahallasida yashovchi Nargiza Umarqulovaning turmush o‘rtog‘i kutilmaganda vafot etishi ayolni uch nafar voyaga yetmagan farzandi bilan og‘ir sinovlar girdobida qoldirdi.
Bevosita Respublika ishchi guruhining moddiy ko‘magi bilan qahramonimiz qiyinchiliklarni yengib, ro‘zg‘orini butlab oladi. Unga tikuv mashinalari va kerakli matolar olib berildi. Shu tariqa ayol o‘zidan tashqari ishsiz qo‘shni ayollarni ham band qilib, xonadonida kichik tikuv sexi tashkil etishga kirishdi. Unga homiylar tomonidan qo‘shimcha bino qurib berilmoqda.
Xuddi shunday Bahor mahallasida yashovchi ko‘makka muhtoj oila vakillaridan Fotima va Ziyoda Jo‘rayevalar ham e’tibordan chetda qolmadi. Ziyodaga kredit, subsidiya va homiylik asosida 3 ta tikuv mashinasi olib berildi. Ro‘zg‘origa baraka kirayotgan ayol o‘zidan tashqari qo‘shni ayollarni ham ishli qildi. Shuningdek, Fotima Jo‘rayevaning xonadoni ham homiylar tomonidan ta’mirlab berilmoqda.
Bo‘ka tumandagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va ularni qayta ishlashga mo‘ljallangan agroklaster ham bir necha yillardan beri hududda kambag‘allikni qisqartirish, ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Xususan, klasterda 80 dan ortiq doimiy, 150 dan ortiq mavsumiy ish o‘rni mavjud. Davlatimiz rahbarining topshirig‘a ko‘ra, har bir kambag‘al va ishsiz oilaga 1 gektardan yer ajratilgan bo‘lib, ularga ekin ekish va mahsulotini sotishda ma’lum fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar ko‘maklashmoqda. Shu jihatdan, Agroklaster ham 35 dan ortiq xonadonga bepul ko‘chatlar yetkazib berdi va ular tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilib, moddiy jihatdan ko‘maklashib kelmoqda.
Mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlariga yaratib berilayotgan sharoitlar sabab bugun yangidan-yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari rivojlanmoqda. Natijada o‘sha hududning ishsiz fuqarolari bandligi ta’minlanyapti. Xususan, Bo‘ka tumani Bo‘ston mahallasida tashkil etilgan tikuv-trikotaj korxonasida ham u yerdagi 60 dan ortiq kambag‘al oila xotin-qizlarining bandligini ta’minladi.
Shuningdek, Yuqori Chirchiq tumani Darhon mahallasida duradgorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan Ayman Amriyevga zamonaviy dastgohlar xarid qilish va ishini kengaytirishda Respublika ishchi guruhi kredit olishiga ko‘maklashdi hamda “Hunarmand” uyushmasiga a’zo qilindi.
Endi u daromad solig‘idan ozod qilindi. Qahramonimiz bunday imkoniyatlardan foydalanib, qo‘shimcha ish o‘rinlarini tashkil etishni maqsad qilgan.
Respublika ishchi guruhining joylardagi faoliyati davom etmoqda.