Muammolar yechim topmoqda
Buxoro viloyati 4-sektor mas’ullari ishtirokida Romitan tumanidagi “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘inida sayyor qabul o‘tkazildi.
Qabulda viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Fayziyev, tuman xalq qabulxonasi, mahalla yettiligi hamda tegishli tashkilot vakillari ishtirok etib, fuqarolarning muammolarini ijobiy hal etish choralarini ko‘rdi.
Sayyor qabulda fuqarolar tomonidan 25 ga yaqin murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning 20 ga yaqini shu yerning o‘zida hal etildi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 5 nafar xotin qizga zamonaviy tikuv mashinasi, 15 ga yaqin fuqaroga ijtimoiy ko‘maklar berildi.
Fuqaro Farog‘at Hamidova sektor mas’ullaridan qo‘lida hunari bo‘lib, tikuv mashinasi yo‘qligini bildirib murojaat qildi. Murojaatga asosan unga ham tikuv mashinasi berildi.
– Ishsizman, lekin tikuvchilik hunarim bor, – deydi fuqaro Xurshida Mansurova. – Mas’ullardan tikuv mashinasi so‘rab murojaat qilgandim, menga zamonaviy tikuv mashinasi berishdi. Endi tikish-bichish bilan shug‘ullanib, ro‘zg‘orimga moddiy tomondan yordam beraman.
Bugun hech bir murojaat shunchaki qog‘ozlarda qolib ketmaydi. O‘tkazilayotgan sayyor qabullar muammolarni aniqlash, joyida hal qilish, ularni bartaraf etish maqsadlariga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.