Vazir talabalar bilan uchrashdi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Samarqand viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida bo‘lib, talaba-yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Jumladan, Samarqand davlat universitetida o‘tkazilgan tadbirda viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari rahbarlari va professor-o‘qituvchilar, talaba va magistrlar ishtirok etdi.
Vazir yoshlarning ishga joylashish, innovatsion g‘oya va startap loyihalarni hayotga tatbiq etish, rivojlangan mamlakatlar ta’lim jarayonida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalarini yurtimizda joriy qilish, xorijda malaka oshirish va boshqa masalalar yuzasidan takliflarini eshitib, ularga munosabat bildirdi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida talabalar uchun qulaylik va imkoniyatlarni kengaytirish yuzasidan murojaatlar tinglandi.
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti talabasi Rayhona Anarboyeva talaba-yoshlarda vatanparvarlik, yurtga sadoqat tuyg‘ularini yuksaltirish maqsadida harbiy musobaqalar asosida yigitlar o‘rtasida “Temurbeklar” va qizlar o‘rtasida “To‘maris izdoshlari” loyihasini tashkil etish taklifini bildirdi.
Vazir tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, bu loyiha tajriba sifatida Samarqandda tashkil etilishini ma’lum qildi.
Uchrashuvlarda bildirilgan har bir murojaat, taklif bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.