Sud raisi Oqdaryoda qabul o‘tkazdi

News Image

Samarqand viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan yilning ikkinchi yarmida tuman va shaharlarda o‘tkaziladigan sayyor qabullar jadvaliga ko‘ra, navbatdagi shunday tadbir Oqdaryo tumanida tashkil etildi.

Qabulda, jumladan, sud organlariga murojaat qilish istagida kelgan fuqarolarni viloyat sudi raisi O.Hayitov qabul qildi. Shuningdek, tegishli tumanlar jinoyat, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyalari, viloyat ma’muriy sudi sudyasi ishtirok etdi va ular ham murojaatchilarni qabul qilib, muammolarini hal etish choralarini ko‘rdi.  

Qabul jarayonida jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan fuqarolar murojaatlari ko‘rib chiqildi. Shulardan qonunga muvofiq keladiganlari ijobiy hal qilindi va qolganlariga huquqiy tushuntirish berildi.  

Sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazosini o‘tayotgan 7 nafar fuqaro viloyat sudi raisiga qabuliga kirib, qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini, bundan buyon sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib, jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi. Shu yerda jinoyat ishlari bo‘yicha Oqdaryo tuman sudining sayyor sud majlisi tashkil etildi va har bir holat alohida ko‘rib chiqilib, murojaatlar ijobiy hal etildi.  

– Aholi bilan yuzma-yuz uchrashib, suhbatlashish, ularni tinglash, qiynayotgan muammolarini hal etish choralarini ko‘rish, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, huquqiy maslahatlar berish xalqni rozi qilishning eng samarali usulidir – deydi Samarqand viloyati sudi raisi O.Hayitov. – Fuqaroning muammoli masalasi joyida hal etilishi esa odamlarda qonunchilikka, sudlarga hurmatni kuchaytirishda tengi yo‘q amaliyotdir. Shu bilan birga, sayyor sud majlislari aholining huquqiy ongini oshirishda katta ahamiyat kasb etadi.

Qabul davomida sud-huquq masalalari yuzasidan tushgan barcha murojaatlarga alohida e’tibor qaratildi.

2024-11-04 |

Yangiliklar