“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Zarina Abdullayeva, Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari – Turizm boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Ahmedov, viloyat ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i Bahromjon Jumanov ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Ochiq muloqot chog‘i viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari, ekofaollar, Prezident maktabi o‘quvchilari hamda ekologiyaga befarq bo‘lmagan yigit-qizlarning atrof muhit muhofazasiga oid muammo va takliflari muhokama qilindi. Berilgan savollarga batafsil javoblar qaytarildi.
Rahbarlar har bir ishtirokchining taklif va mulohazalari, albatta, inobatga olinishini ta’kidlab, yoshlarda tabiatga g‘amxo‘rlik hissi ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Farg‘ona shahridagi daraxtlar kesish, atrof muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatish ehtimoli bor korxonalar, Yozyovon tumanidagi Markaziy Farg‘ona o‘rmon xo‘jaligiga ekskursiya tashkil etish, ikkilamchi qayta ishlanadigan chiqindilardan unumli foydalanish hamda ekologik ta’lim yo‘nalishidagi tanlov va loyihalarni amalga oshirish borasida yoshlar kiritgan takliflarni amalga oshirish choralari, vazifa va rejalar haqida rahbarlar axborot berishdi.