Sayxunobodliklar tajribasi o‘rganilmoqda

News Image

Sirdaryo tumanidagi Taraqqiyot mahallasining bir guruh vakillari tajriba almashish, o‘rganganlarini o‘z yashash hududidagi bo‘sh, ammo foydalanilmay kelinayotgan tomorqalarida yo‘lga qo‘yish maqsadida tumandagi Quyoshli hamda Sayxunobod tumanidagi Nurobod, Paxtakon, Baxmalsoy, Nurli yo‘l mahallalariga tashrif buyurdi.

–"Quyosh"liliklar o‘ta tadbirkor, yerdan unumli foydalanishni bilishadi, – deydi Oybek Husanov. –Tashrifimiz davomida u yerdagi issiqxona xo‘jaliklari bilan tanishdik. Qoyil qolgan tomonimiz  shundaki,  kichik 2 sotixli issiqxonaga yil davomida uch marotaba ekin ekib,  undan yaxshi hosil olisharkan. Oilalaridagi to‘kinchilik,  ro‘zg‘orlaridagi farovonlikning bosh sababi ham aslida shu ekan. Men ham  endi hovlimdagi bo‘sh turgan  6 sotixli tomorqamda imtiyozli kredit olib, issiqxona xo‘jaligini barpo etmoqchiman. Bu esa oilamiz daromadi oshishiga yordam beradi.

– Boqimanda bo‘lib yashash yomon. Qo‘ldan berganga qush ham tuymaydi, degan gap bor. Ozgina harakat qilinsa, sayxunobodliklar kabi parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik ortidan daromad qilsa bo‘ladi. Buning uchun kishiga hafsala kerak. Sayxunobod tumaniga qilingan tashrif menda katta taassurot qoldirdi. Kelgusida asalarichilik va parrandachilik yo‘nalishlarida ishni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Chunki, tajribali asalarichining maslahati, bergan tavsiyasi menga kuch bag‘ishladi,–deydi Bobur Haydarov.

2024-10-28 |

Yangiliklar