Sayyor qabullarning natijasi muhimdir
Oliy sud raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Sirdaryo viloyatida sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda 48 nafar fuqaro qabul qilindi. Fuqarolar murojaatlarining 23 tasi jinoyat, 16 tasi fuqarolik, 3 tasi iqtisodiy hamda 6 tasi ma’muriy sudlovga taalluqlidir.
Kelib tushgan murojaatlardan 41 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan bo‘lsa, shundan 2 ta murojaat qanoatlantirildi, 5 ta shikoyat va ariza qonuniy ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.
Shuningdek, sayyor qabul davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan taqdimnoma va iltimosnomalar asosida jazo o‘tayotgan 11 nafar mahkum jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 6 ta aliment undirish yuzasidan sud buyrug‘i chiqarilib, ijroga qaratilgan bo‘lsa, ajrashish arafasidagi 2 ta oila yarashtirildi. Shuningdek, 3 nafar shaxsning yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni belgilashga oid arizalari qanoatlantirildi.
Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan 3 ta tadbirkorlik sub’ektining arizalari bo‘yicha da’vo talablari qanoatlantirildi va da’vogarlar hisobiga 1 222 460 468 so‘m undirilishi belgilandi.
Bunday sayyor qabullar respublika miqyosida davom etmoqda.