Huquq-tartibot idoralari rahbarlari Ulusda qabul o‘tkazdi
Qabulda viloyat sudi, prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi, viloyat adliya, ichki ishlar va soliq boshqarmalari, Xalq qabulxonasi rahbarlari murojaatchilarni qabul qilib, ularning dardlarini tingladi.
Jumladan, Samarqand viloyati sudi raisi o‘rinbosarlari T.Boyzoqov, Z. Allabayev va X.Tursunov, shuningdek, viloyat ma’muriy sudi, Nurobod tumani sudi mas’ullari sud organlaridan najot istab kelgan fuqarolarni qabul qildilar. Qabulda jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Murojaatlarning qonunga muvofiq keladiganlari ijobiy hal qilindi, qolganlariga huquqiy tushuntirish berildi hamda tegishli tartibda arizalar olindi.
Sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazo o‘tayotgan 5 nafar fuqaro qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligi va bundan buyon sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib, jazoning o‘tolmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi.
Tadbir davomida Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudining sayyor sud majlisi tashkil etilib, har bir holat alohida ko‘rib chiqilib, murojaatlar ijobiy hal etildi.