Bosh vazir o‘rinbosari Qashqadaryoda
Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida bo‘lib, u yerda aholi bandligini ta’minlash, ularning daromadlarini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi “Sayxunobod”, “Zarbdor” va “Uychi tumani” tajribalari asosida hamda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.
Tumanning Yangi Mirishkor va Mirishkor mahallalarida parrandachilikning kam pul sarflab, ko‘p daromad olish mumkin bo‘lgan tarmog‘i – bedanachilik sohasi bilan shug‘ullanayotgan aholi vakillari bilan suhbatlashgan Bosh vazir o‘rinbosari mahallalarni kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish borasidagi ishlarni e’tirof etdi.
Qolaversa, “Ayollar daftari” asosida bandligi ta’minlanib, yuqori daromadga erishayotgan oila vakillari bilan suhbatlashib, mahalla yettiligining reja dasturlari bilan tanishildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Mirishkor tumanidagi 3 ming 914 nafar ishsiz xotin-qizdan 3 ming 419 nafari (82 foiz)ning bandligi ta’minlangan.
Jumladan, 647 nafari doimiy ish o‘rniga joylashtirilgan. 287 nafari mavsumiy haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan. 1 ming 379 nafar xotin-qiz kasb-hunar va tadbirkorlik bo‘yicha o‘qitilgan. 50 nafari hunarmandchilik va kasanachilik yo‘nalishlarida band qilingan. 98 nafari o‘zini-o‘zi band qilish orqali bandligi ta’minlangan bo‘lsa, 78 nafariga dehqonchilik qilishi uchun yer maydoni ajratilgan. 102 nafariga 406 million so‘m miqdorda subsidiya (yengil konstruksiyali issiqxona o‘rnatish, urug‘lik va ko‘chatlar, asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish) ajratilgan.
Shuningdek, kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga hamda maxsus sertifikatga ega bo‘lgan 819 nafar xotin-qizga 11,3 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilgan.