Murojaatchilarni huquq-tartibot idoralari rahbarlari eshitdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi va viloyat huquq-tartibot idoralari rahbarlarining navbatdagi sayyor qabuli Jomboy tumanida o‘tkazildi.
Unda Xalq qabulxonasi, viloyat sudi, prokuratura, ichki ishlar, adliya va soliq boshqarmalari mas’ullari, tuman hokimligi va sektorlar rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida tumandagi mahallalarda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 27 nafar yigit-qiz, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 20 nafar ayolga o‘zini -o‘zi band qilishi va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun tikuv mashinasi, pishiriq pishirish pechi, motokultivator singari vositalar topshirildi. Shuningdek, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilib, 135 ta korxona va tashkilot, tadbirkorlik sub’ekti tomonidan ishsiz fuqarolarga 500 dan ortiq vakant ish o‘rinlari taklif etildi.
– Tikuvchilik bo‘yicha kasb-hunar o‘rganganman, – deydi Gulnoza Bozorova. – Lekin tikuv mashina yo‘qligi sababli bu ish bilan shug‘ullana olmayotgandim. Mahallamizdagi xotin-qizlar faoli va hokim yordamchisi bandligimni ta’minlashga ko‘maklashishini aytishgandi. Mana bugun tikuv mashina berildi, endi hunar orqali ro‘zg‘or uchun pul topishim mumkin.
Huquq-tartibot idoralari rahbarlarining qabulida jomboylik fuqarolar buzilgan huquqlarini tiklash, ishga joylashish, uy-joyga egalik huquqini rasmiylashtirish, oila va nikoh, soliq va bank kreditlari masalalari yuzasidan tegishli organlar mas’ullariga murojaat qilib, muammolariga yechim topdilar. Zarur tavsiya va huquqiy maslahat oldilar.
Jumladan, viloyat IIB boshlig‘i R.Mamatovning qabulida bo‘lgan Oysara Bozorboyevaning oilaviy nizoni hal etish, O‘ktam Xolmurodovning kredit masalasidagi murojaati ijobiy hal etildi. Probatsiya nazoratidagi 5 nafar shaxsning belgilangan jazodan muddatidan oldin ozod etish to‘g‘risidagi arizasi qanoatlantirildi. 10 nafar yoshga ID-karta topshirildi.
Sayyor qabul davomida qayd etilgan har bir murojaatni belgilangan muddatda ko‘rib chiqish va imkon qadar ijobiy hal etish yuzasidan mas’ullar belgilandi.