Qishloqlardagi qirq yillik suv muammosi hal etildi

News Image

Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanidagi Yangidala mahallasida 40 yildan buyon oqar suv bo‘lmagan. 390 ta xonadonda yashaydigan 450 ga yaqin oila hovlilarida suvsizlikka chidamli daraxt yoki butani aytmaganda, ekin ekib, daromad olinmagan. Lekin aholi imkoni yetmaganidan uzoq yillar vaziyatga ko‘nikib yashayvergan.

Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi rahbari Ulug‘bek Muhammadiyev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi  joriy yilning mart-aprel oylarida mazkur hududda “xonadonbay” asosida vaziyatni atroflicha o‘rgangan edi.

Ushbu xalqchil tizim “Yangidala” MFY va unga yondosh punktlarda aholi daromadini oshirish, hududdagi irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarining joylashuvi, oqar suv olib kelishning optimal yo‘llarini batafsil muhokama qilgach, muammoni hal etish uchun homiylik mablag‘lari asosida masalaga ijobiy yechim topdi.  

Ishchi guruh vaziyatni o‘rganib, Yangidala, Do‘stlik  va O‘zbekiston mahallalarida aholi tomorqasi uchun suv bo‘lmagan ko‘chalarda oqar suv ta’minotini tiklash bo‘yicha manzilli ishlarni amalga oshirdi.

Xususan, PR-8 kanali sathidan 70 santimetr chuqurlikda 140 millimetr diametrdagi tarmoq chiqarildi va 15 kVli suv nasosi o‘rnatildi. Olinadigan suv qariyb 1 kilometr masofaga quvurda tortib kelindi. Buning uchun yangi elektr energiya tarmog‘i tortilib, 40 kV transformator ham o‘rnatildi.

Natijada, Mirzacho‘l tumanining Yangidala, Do‘stlik va O‘zbekiston mahallalaridagi jami 390 dan ortiq xonadon ahliga tomorqasi uchun  oqar suv yetkazib berildi.

Endilikda mahalla xonadonlariga ham xalqimizga xos bunyodkorlik qadriyati kirib keladi, tomorqa yashnaydi, meva-sabzavot unadi. Eng muhimi, xalqning, odamlarning yuzida, so‘zida bugungi hayotidan rozilik hissi mustahkamlanadi.

Iqtisodiy drayveri qishloq xo‘jaligi bo‘lgan Arnasoy tumanida aholining katta qismi ayni shu yo‘nalishda band bo‘lgani uchun yashash tarzi, ayniqsa, oila daromadi, turmush sharoiti tomorqaga bog‘liq. Lekin tomorqa ekinlari uchun ayni hosilga-hosil qo‘shilar mahalida suv tanqisligi hamma harakatni zoye qilishi necha yillik muammo edi.  

Turgan gapki, aholi murojaatlariga quloq tutadigan mazkur xalqchil tuzilma mas’ullari muammoni yechish ustida amaliy ish boshladi. Tomorqasida suv muammosi mavjud 518 ta  xonadonning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, har bir xonadonda kichik artezian quduq qazish, ichimlik suvi sifatida foydalanib bo‘lmasa ham, mineral o‘g‘it bilan aralashtirilib, ekinga berilsa, foydali bo‘ladigan suv chiqarib, tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yish ishlari boshlandi. 

Eng muhimi, barcha xarajatlari o‘rta hisobda 1 million 800 mingga baholangan artezian qudug‘i uchun ehtiyojmand oilalarga Prezident Xalq qabulxonasi tomonidan xarajatlar to‘lab berildi.    

Bundan tashqari, Respublika ishchi guruhi o‘rganishlari natijasida Sayxunobod, Uychi, Zarbdor tajribasi asosida oilalarda issiqxona, parranda va chorvachilik yo‘nalishlarini ishga tushirish borasida jami 1150 ta xonadon doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun 3,2 milliard so‘m talabi aniqlandi.  

Ushbu masala yechimi borasida Prezident Xalq qabulxonasining “Murojaatdan – daromadga” loyihasi doirasida “Mikrokreditbank”, “Agrobank” va Xalk banklari jalb etilishi ta’minlandi. Hokim yordamchilari tavsiyasi bilan tumandagi kam daromadli  91 ta oilaga “mahalla – biznes” mikroqarzi orqali 419 million so‘m imtiyozli kredit paketi taqdim etildi. 620 bosh tovuq, 99 bosh qo‘y yetkazib berilib, ularga 7 ta lider tadbirkor biriktirildi. Ushbu xonadonlarning har birida issiqxona qurilib, ekinlar uchun artezian quduq qazib berildi. Natijada moliyaviy holati past, kam ta’minlangan xonadonlarning qo‘shimcha daromad topishiga zamin yaratildi.  

Birgina “Yangi bo‘ston” mahallasidagi 20 ta xonadonga, ikki qavatli uylarning orasida joylashgan 20 sotixli issiqxonalarga ham artezian quduqlari orqali suv chiqarilib, tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yildi. Tumanda avval 154 ta issikxona mavjud bo‘lgan, tashabbuslardan so‘ng ular soni 300 tadan oshib ketdi. Hozirgacha, jami 370 dan ziyod xonadon tamorkasida may – sentyabr oylarida duch kelinadigan suv tanqisligiga barham berildi.

2024-07-22 |

Yangiliklar