Pastdarg‘omlik yoshlarning istiqbolli takliflari qo‘llab-quvvatlandi

News Image

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Pastdarg‘om tumanida yoshlar bilan uchrashdi.

Go‘zalkent mahallasida o‘tkazilgan uchrashuvda 30 nafarga yaqin yoshlar hokimga asosan, ishsizlik, dehqonchilik uchun yer ajratish, salomatlikni tiklash, subsidiya va kredit masalalari bo‘yicha murojaat qildi.

Xususan, Qarshiobod mahallasida yashovchi Hamro Xoliqulov o‘quv markazi ochish niyatida ekanligi, markazni jihozlash uchun 50 million so‘m subsidiya ajratishda yordam so‘radi. Yangiravot mahallasidan kelgan Bunyod Omonov esa chorvachilik bilan shug‘ullanish uchun zotdor qoramol xarid qilishda 100 million co‘m imtiyozli kredit olish uchun hokimdan ko‘mak so‘radi. Viloyat hokimi tuman rahbarlari, hokim yordamchilari va banklar mas’ullariga yoshlarning masalalarini belgilangan tartibda o‘rganib, hal qilishni topshirdi.  

– O‘tgan yili yer ajratish bo‘yicha auksionda qatnashib g‘olib bo‘lgan edim, – deydi Ilm mahallasida yashovchi Ma’ruf Hasanov. – Ammo shu vaqtga qadar fermer ajratilgan yerni menga topshirmasdan kelyapti. Hokimga shu masalada murojaat qildim va ushbu muammo hal etish uchun tumanimiz rahbarlariga yo‘naltirildi.  

Uchrashuv davomida ayni paytda xorijda bo‘lgan pastdarg‘omlik yoshlar ham hokim bilan onlayn muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldi.

– Hozirda Qozog‘iston Respublikasi Ostona shahrida ishlab turibman, – deya hokimga murojaat qildi go‘zalkentlik Jahongir Janiyev. – Agar yordam berilsa, uyimga qaytib, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi tashkil qilmoqchiman. Buning uchun mablag‘ kerak. Imkoni bo‘lsa, imtiyozli kredit ajratilishida yordam bersangiz.  

Viloyat hokimi Jahongirga 60 million so‘m imtiyozli kredit ajratish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berdi.

E.Turdimov Pastdarg‘om tumani mahallalaridagi yoshlar yetakchilari bilan uchrashib, yoshlar bilan ishlash borasidagi faoliyatni kuchaytirish masalalarini muhokama qildi. Yetakchilarning taklif va tashabbuslari eshitildi. Istiqbolli takliflar qo‘llab-quvvatlandi.

2024-07-14 |

Yangiliklar