“Adliya kuni” targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi

Qashqadaryo viloyati Koson tumani Yuqori Mudin mahallasida yashovchi Mohigul Shodiyeva “Ayollar daftari”ga kiritilgan va mahalla yordami bilan tikuvchilik kursini bitirdi.
Ammo ishsizlik sabab oilasini boqishga ancha qiynalib qoldi. Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining Koson tumanida tashkil etgan sayyor qabuli davomida fuqaroning muammosiga yechim topildi va o‘z yo‘nalishida tumandagi tekstil korxonasiga ishga joylashadigan bo‘ldi.
– Ish izlab, ko‘p joylarga sarson bo‘lgandim, – deydi M.Shodiyeva. – Bugungi qabulda murojaatimni o‘rganilib, tikuvchilik korxonasiga ishga joylashadigan bo‘ldim. Bundan mamnunman.
Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Nuriyev tomonidan o‘tkazilgan mazkur sayyor qabul davomida bu kabi ko‘plab murojaatlarga ijobiy yechim topildi va aholining huquqiy savodxonligi oshirildi.
Dastlab mahallada fuqarolar uchun sayyor qabul hamda sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Shuningdek, qabulda fuqarolardan subsidiya, kadastr, pensiya, sog‘liqni saqlash, bandlik va mehnat munosabatlari, buzilgan huquqlarni tiklash, kommunal soha va boshqa masalalarda 16 ta murojaat kelib tushdi.
14 ta murojaat ish yurituviga qabul qilinib, 2 ta murojaat joyida hal etildi. Qolgan masalalar yuzasidan huquqiy tushuntirish ishlari olib borildi. 12 ta fuqaroga sayyor davlat xizmati ko‘rsatildi.
Tadbir davomida fuqarolarga uyma-uy yurgan holda qonunchilik hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini xalqchil tilda yetkazildi. Yoshlar, xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga imtiyozlar, preferensiyalar, subsidiyalar, grantlar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlari hamda ulardan foydalanish tartibi tushuntirilib aholini qiynab kelayotgan huquqiy muammolar joyida o‘rganildi.