Xotin-qizlar bandligi ta’minlanmoqda
Bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlar bandligini ta’minlash va ularning ijtimoiy muammolarini bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda albatta, hududlarda tashkil etilayotgan tikuv-trikotaj korxonalarining munosib hissasi bor.
Navoiy viloyati Karmana tumanining Do‘rman mahallasida faoliyat boshlagan “Dilorom Do‘rman” tekstil mas’uliyati cheklangan jamiyatida bugun Do‘rman, Kumushkon, Qahramon va Hazora mahallalaridagi 50 nafar xotin-qiz ish bilan band.
Bolalar kiyimlari tikishga ixtisoslashgan ushbu tikuv korxonasi 2021 yilda tashkil etilgan. Dastlab Qiziltepa tumanida joylashgan korxona joriy yilning aprel oyidan boshlab Karmana tumanida faoliyat yurita boshladi. Mazkur ob’ektda 20 turdan ortiq mahsulot ishlab chiqariladi. Kunlik ishlab chiqarish hajmi esa 2000 donani tashkil etmoqda.
– Biz asosan yarim tayyor mahsulotlar bilan ishlaymiz, – deydi korxona rahbari Asadbek Axtamov. – Poytaxtdagi bolalar kiyimlari ishlab chiqaradigan “Bonito Kids” va “Biryuza Group” korxonalari bilan shartnoma tuzganmiz. Ulardan bichim ko‘rinishidagi mahsulotlarni buyurtma asosida qabul qilib, tayyor tikilgan holda qayta jo‘natamiz. Eksport ham ular orqali amalga oshiriladi. Mahsulotlar hozirgi kunda faqat Rossiyaga, oylik o‘rtacha 100 million so‘m atrofida eksport qilinmoqda. Mahalliy bozorga sotishni ham yo‘lga qo‘ymoqchimiz.
Mavsumga qarab, bolalar kiyimlari tikiladigan korxonada 45 ta zamonaviy tikuv mashinkasi bor. Shu kunlarda tadbirkor imtiyozli kredit mablag‘lari evaziga yana 50 ta tikuv uskunasi olib kelish harakatida. Bu qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi, degani, albatta.
Nafisa Adizova tikuv korxonasida usta bo‘lib ishlaydi. U ushbu yo‘nalish bo‘yicha 4 yillik tajribaga ega.
– Xodimlarimizning 30 foizini “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”da turgan xotin-qizlar tashkil etadi, – deydi N.Adizova. – Biz esa qo‘lida tikuvchilik hunari yo‘q, ammo ishlashga ehtiyoji bor bo‘lgan xotin-qizlarni ish bilan band qilmoqdamiz. Navoiy shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi bilan imzolangan shartnomaga asosan xotin-qizlarimiz 3 oylik maxsus kurslarda o‘qitiladi. Bizga kelgan bichim ko‘rinishidagi mahsulotlarni tayyor qilib chiqarishimizgacha 20 taga yaqin bosqichdan o‘tadi. Mahsulot sifatli bo‘lishi uchun har bitta bosqich alohida nazorat ostida amalga oshiriladi. Korxonada tikuv bo‘limi alohida. Dazmol, qadoq, tozalash va nazorat uchun ham xodimlar biriktirilgan. Oxirgi bosqichda mahsulotlar to‘liq nazoratdan o‘tgach, maxsus qoplarga solinib, buyurtmachi korxonalarga jo‘natiladi.
Tadbirkor bilan suhbatimiz chog‘ida kelgusida faoliyatini yanada kengaytirgan holda bichim, eksport masalalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shu yerning o‘zida amalga oshirishni yo‘lga qo‘ymoqchiligini ta’kidladi. Bu “Dilorom Do‘rman” brendi yaratilib, mahsulotlar xorijda yanada xaridorgir bo‘ladi, deganidir.