Sudlar tomonidan sayyor qabul o‘tkazildi

News Image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida sayyor qabul o‘tkazildi.

Unda 65 nafar fuqaro ishtirok etdi. Qabul qilingan fuqarolarning 43 tasi jinoyat, 15 tasi fuqarolik, 3 tasi iqtisodiy, 4 tasi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlarga murojaat qildi.  

Sayyor qabulda har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, alohida nazoratga olindi. Murojaatlarning 50 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan bo‘lsa, 15 ta murojaat ijobiy hal etildi. Bir nafar fuqaroning sud hukmi bo‘yicha ijroni to‘xtalib turish haqidagi arizasi qanoatlantirildi.  

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan taqdimnoma va iltimosnomalar asosida ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash va axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan 34 nafar mahkum jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingan bo‘lsa, 5 nafar fuqaroga nisbatan tayinlangan jazolar yengilrog‘i bilan almashtirildi, 17 nafar mahkumning o‘talmay qolgan jazolarini yengil tartibli, ya’ni manzil koloniyada o‘tash belgilandi.  

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan esa 2 nafar fuqaroning yuridik faktni belgilashga oid, 3 nafar fuqaroning qarzdorlikni undirish bo‘yicha da’vo arizalari qanoatlantirildi.  

Shuningdek, iqtisodiy va ma’muriy sudlar tomonidan ham fuqarolarning murojaatlari o‘rganildi. Jumladan, iqtisodiy sudlar tomonidan 5 ta ish yuzasidan da’vogarlar foydasiga 101,3 million so‘m undirilgan bo‘lsa, ma’muriy sudlar tomonidan 6 ta ish ko‘rib chiqilib, ularning barchasi ijobiy hal etildi.  

2024-06-13 |

Yangiliklar