Jamoatchilik nazorati davlat dasturlari ijrosining sifatli bajarilishiga xizmat qiladi

News Image

Ayni kunlarda “Yuksalish” harakatining Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmonida belgilangan ustuvor vazifalarning joylarda ijro etilishi holati yuzasidan jamoatchilik monitoringlari olib borilmoqda.

Hududiy bo‘linma tomonidan viloyatdagi ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari deputatlar, harakat qoshidagi “Jamoatchilik guruhi a’zolari” va ekspertlar ishtirokida o‘rganilmoqda. 

– Prezidentimizning 2023 yil 25 dekabrdagi “2024-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Zarafshon shahrining 14-kichik tumani hududida yangi umumta’lim maktabini qurish rejalashtirilgan, – deydi “Yuksalish” harakatining Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Alijon Jalilov. – Mazkur ob’ektda qurilish ishlarining borishi “Yuksalish” harakatining viloyat hududiy bo‘linmasi ekspertlari va Xalq deputatlari viloyat Kengashiga Zarafshon shahridan saylangan deputatlar ishtirokida monitoring qilindi. Hududda 990 o‘rinli yangi maktab binosi va 12x24 sport zali qurilishi lozim. Monitoring davomida mazkur ob’ektda tender savdolari yakunlangani, ammo qurilish ishlari muddatidan kechikayotgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, qarorga asosan Zarafshon shahrining 13-, 14- va 19-kichik tumanlaridagi yangi uy-joylarning issiqlik tizimlarini qurish rejalashtirilgan bo‘lib, 2023-2025 yillarda foydalanishga topshirilishi belgilangan. Hozir mazkur ob’ektda qurilish-montaj ishlari davom etmoqda. Monitoring davomida ekspertlar tomonidan qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. 

Yuqoridagi qarorga asosan, shaharda 2023-2024 yillarda 250 qatnovli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikani yangidan qurish ham belgilangan bo‘lib, ob’ektda qurilish-montaj ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Ob’ekt joriy yil sentyabr oyiga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, asosiy binolar qad ko‘targan, 90 foizga yaqin ishlar bajarilgan. 

Joylarda davlat dasturlarining tegishli bandlari ijrosi yuzasidan jamoatchilik monitoringlarini o‘tkazish, avvalo, mas’ullarning mas’uliyatini yanada oshirish barobarida ishlarning sifatli bajarilishiga zamin yaratadi. Bu esa xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladi.

2024-06-08 |

Yangiliklar