Oliy sud mutasaddilari fuqarolar murojaatini eshitdi

News Image

Termiz shahrida Oliy sud raisining o‘rinbosari Shuhrat Polvonov rahbarligida fuqarolar uchun sayyor qabul o‘tkazildi.

Yuzma-yuz muloqot chog‘ida surxondaryoliklarning sud-huquq yo‘nalishiga oid murojaatlari tinglandi.

Mamlakatimizda aholi murojaatlari bilan ishlashda yangicha tizim yaratilgani joylarda sayyor qabullar tashkil etilib, fuqarolarni o‘ylantirayotgan masalalarning yechimini topishda muhim omil bo‘layotir. Viloyatda o‘tkazilgan bu safargi qabulda 26 ta jinoyat, 25 ta fuqarolik, 8 ta iqtisodiy va 3 ta ma’muriy ish bo‘yicha murojaatlar ko‘rib chiqildi.  

Ommaviy qabul jarayonida Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahri, Termiz va Angor tumanlari sudlarida sayyor sud majlislari o‘tkazilib, probatsiya xizmatida nazorat ostida turgan 23 nafar shaxs sud tayinlagan jazodan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz tumanlararo sudi ikki shaxsning O‘zbekiston Respublikasida yashaganlik faktini tasdiqlab, ularga fuqarolik pasportini topshirdi.

Sayyor qabulda murojaatlari ijobiy hal etilgan fuqarolar odil sudga minnatdorlik bildirdi. Jumladan, 1985 yil 23 oktyabrda Tojikiston Respublikasida tug‘ilib, 1997 yildan buyon oila a’zolari bilan O‘zbekistonda yashagan Umidjon Tukayev bir necha marta O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish uchun murojaat etgan bo‘lsa-da, unga rad javobi berilganini aytib, bu masala sud orqali yechim topganini ta’kidladi.  

– Masalam fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz tumanlararo sudida ko‘rib chiqildi, – deydi Umidjon Tukayev. – Odil sud O‘zbekiston Respublikasida yigirma yildan ortiq doimiy yashab kelganim faktini tasdiqlab, tegishli hal qiluv qarori bilan murojaatimni qanoatlantirdi. Sudlar fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarayotgani va jamiyatda adolatni qaror toptirayotganidan juda xursand bo‘ldim. Mening masalam ham o‘z yechimini topib, orzuim ushalishiga sababchi bo‘lgan sud rahbariyatiga o‘z minnatdorligimni bildiraman.  

Sayyor qabulda o‘rtaga tashlangan masalalarning 26 tasi bo‘yicha murojaatchilarga huquqiy tushuntirish berildi. 36 ta murojaat joyida o‘z yechimini topdi.

2024-06-06 |

Yangiliklar