Prezident qarori ijroda va nazoratda

News Image

Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj, “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turuvchi xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada ishsiz ayollarni kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb etish orqali bandligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etayotir.

Navoiy viloyatida ham bu masala alohida nazoratga olingan. Prezidentimizning 2024 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida viloyat xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar tahsinga sazovor. 2024 yilda 5 ming 372 nafar “Ayollar daftari” ro‘yxatidagi xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish rejalashtirilgan.  

– Viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi, viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, viloyat aksionerlik tijorat Xalq banki  hamkorligida 1152 nafar xotin-qiz 60 soatlik “Tadbirkorlik va biznes asoslari”, “Tikuvchilik”, “Milliy hunarmandchilik”, “Kashtachilik” yo‘nalishlarida o‘qitildi, – deydi viloyat xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Gulsanam Norova. – Bunda xotin-qizlarga tadbirkorlik asoslari, boshlang‘ich sarmoya, biznes reja turlari, kredit qaytarish grafiklari bo‘yicha bilim berildi. Xotin-qizlarning 478 nafariga imtiyozli kredit, 149 nafariga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun subsidiya ajratildi.  223 nafar ayollar o‘zini o‘zi band qilgan. 267 nafari mavsumiy va doimiy ishga joylashtirilgan. Qolgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Navbahor tumanida issiqxona, baliqchilik, asalarichilik, parrandachilik, tadbirkorlik va biznes asoslari yo‘nalishlari bo‘yicha “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlardan tashqari 34 nafar ishsiz xotin-qizlar o‘qitilmoqda.  

– Hozirgi kunda tumanda 4512 nafar xotin-qizlar pillachilik bilan shug‘ullanmoqda, – deydi tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari Gullola Ergasheva. – Xotin-qizlarning taklif va muammolari o‘rganilib, Qorovultepa va Paxtakor mahallalaridagi pillachilik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar uchun 40 soatlik  o‘quv kursi dasturi ishlab chiqildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat prokuraturasi hamkorligida Konimex, Qiziltepa, Navbahor tumanlari hamda Navoiy shahardagi 2-sektorga qarashli mahallalardagi “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da turuvchi, ijtimoiy himoyaga muhtoj 86 nafar xotin-qizlar “Kashtachilik maktabi” maxsus o‘quv kurslarida o‘qitildi. Ularning 51 nafariga uyda o‘tirgan holda daromad topishlari uchun kasanachilik asosida yirik kashtachi tadbirkor xotin-qizlar biriktirildi.  

 

2024-06-05 |

Yangiliklar