Muammolar sayyor qabullarda hal etilmoqda

News Image

Jizzax viloyatida fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlariga samarali yechim topish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov boshchiligidagi ishchi guruh ishtirokida ommaviy sayyor qabullar tashkil etildi.

Zarbdor, Zomin va Yangiobod tumanlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun Zomin tumani markazida joylashgan istirohat bog‘ida ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi. Unda sud-huquq masalalarida ko‘mak so‘rab kelgan 30 nafar fuqaroning murojaati tinglandi. Ulardan 20 nafarini fuqarolik, 10 nafarini jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga oid masalalar tashkil etdi. Ana shu murojaatlarning 29 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, 1 nafar fuqaroning murojaati joyida ijobiy hal qilindi.

Qabul jarayonida Jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin va Zarbdor tumanlari sudlari tomonidan sayyor sud majlisi o‘tkazilib, unda 14 nafar mahkum O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etilgan bo‘lsa, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarbdor tuman sudining sayyor sud majlisida 3 nafar fuqaroning yuridik masalalari hal etildi.

Kunning ikkinchi yarmida esa aynan shu ishchi guruhi ommaviy sayyor qabulni Jizzax shahar, Sharof Rashidov va Forish tumanlari hududida istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun viloyat markazida joylashgan Yoshlar innovatsion markazida o‘tkazdi. Unda 63 nafar fuqaro qabul qilinib, 2 nafar fuqaroning murojaati joyida ijobiy hal etildi, 61 nafar fuqaroga tegishli tartibda huquqiy tushuntirishlar berildi.

Qabul jarayonida Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar, Sharof Rashidov va Forish tumanlari sudlari tomonidan sayyor sud majlislari ham o‘tkazilib, unda 32 nafar mahkum Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Forish tuman sudining sayyor sud majlisida 1 nafar fuqaroning tug‘ilganlik fakti belgilandi.

Ommaviy sayyor qabulda muammolari hal bo‘lgan 2 nafar fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi nomiga yozma tashakkurnoma bildirdi.    

2024-06-01 |

Yangiliklar