Viloyat hokimi boshchiligidagi ishchi guruh Nurli hayot mahallasida o‘rganish olib bordi

Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov, shahar va tumanlar hokimlari, sektorlar rahbarlari ishtirokidagi ishchi guruh Urganch shahrida joylashgan Nurli hayot mahallasida o‘rganish olib bordi.
O‘rganish davomida mahallada joylashgan 33 ta ko‘p qavatli bino yerto‘lasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarning ish jarayoni bilan tanishildi. Jumladan, “Harvard” o‘quv markazi, ayollar bandligini ta’minlash doirasida tashkil etilgan tikuvchilik, to‘quvchilik, pazandachilik, Xotin-qizlarni kasbga o‘qitish markazlari faoliyati o‘rganildi.
Shu kuni “Nurli hayot” mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida so‘z olgan nuroniylar mamlakatimizda keyingi yillarda mahalla tizimining jamiyatdagi nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib, sohadagi bu kabi o‘zgarish va yangilanishlar sabab mahalla xalqning haqiqiy suyanchi va maslakdoshiga aylanib borayotganini ta’kidladi.
Ishchi guruh ushbu mahalla hududidagi yangi faoliyat boshlagan loyiha – “Xorazm shinam uylar” boshqaruv servis kompaniyasi ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.