Viloyat hokimi fuqarolar murojaatlarini tingladi

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov turli masalalar bo‘yicha viloyat hokimi nomiga murojaat bilan chiqqan fuqarolarni qabul qildi.
Yangi Namangan tumanida bo‘lib o‘tgan sayyor qabul jarayonida 230 nafardan ziyod yurtdoshimiz viloyat rahbari bilan yuzma-yuz uchrashib, o‘zlarini qiynayotgan muammolarini bildirdi.
Qariyb 8 soat davom etgan qabulda viloyat hokimi fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarning har birini batafsil tinglab, yechimi bo‘yicha mutasaddi idoralar rahbarlariga topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
– Yangiqo‘rg‘on tumani Navkent mahallasidan keldim, - deydi murojaatchilardan biri Valijon Isoqov. – Mahallamizda suv muammosini hal etish uchun buloqlar ko‘zini ochish masalasida ko‘mak so‘radim. Viloyat rahbari murojaatim yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Tez orada suv ta’minoti yaxshilanadigan bo‘ldi. Shuningdek, qabul jarayonida hududimizda maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi qurish bo‘yicha ham taklif kiritdim. Ushbu masala ham o‘rganib chiqish uchun mutasaddilarga topshirildi.