Muammolarga tizimli yondashish — samaradorlik kafolati

News Image

Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi oʻz faoliyatini Namangan viloyatida davom ettirmoqda.

Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi hamda tegishli vazirlik va idora vakillaridan tashkil topgan ishchi guruhi viloyatning Kosonsoy, Toʻraqoʻrgʻon, Chortoq va Yangiqoʻrgʻon tumanlarida 254 ta mahalla aholi muammolarini hal qilish, “mahalla yettiligi” hamkorligini taʼminlash, yoshlar bilan ishlash, aholi bandligini taʼminlash tizimini samarali tashkil etish yoʻnalishlarida qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Aholi bandligini taʼminlash maqsadida ushbu hududlarda eng qisqa muddatlarda 52 mingga yaqin yangi ish oʻrinlarini yaratish rejalashtirilgan. Xususan, ish oʻrinlari investitsiya loyihalarini ishga tushirish, xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi hamda qurilish sohasida yaratilishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida mahalladagi hokim yordamchilari tavsiyasi bilan 35 nafar fuqaroga 770 mln soʻmdan ziyod imtiyozli kredit mablagʻlari ajratilib, tadbirkorlik faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Mavjud boʻsh ishchi oʻrinlariga 845 nafar fuqaro joylashtirildi, 524 nafari kasb-hunarlarni oʻqitishga yoʻnaltirildi, 291 ta tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi.

Bundan tashqari, viloyatda yer olish, oʻz-oʻzini band qilish istagi boʻlgan 6 ming 24 nafar yoshlarga 2,1 ming gektar yer maydonlari ajratish belgilab olindi. Bu borada tuman sektor rahbarlari, Yoshlar ishlari agentligi boʻlimlari, “mahalla yettiligi” bilan birgalikda yer olish istagi boʻlgan yoshlar roʻyxati shakllantirildi hamda suv taʼminoti yaxshi, aholiga yaqin boʻlgan ekin yer maydonlaridan yaxlit konturlar tanlandi.

Aholi kayfiyatiga taʼsir qiluvchi muammolarni oʻrganish va ularni hal etish maqsadida Respublika ishchi guruhi tomonidan 4 710 ta xonadon hamda 179 ta ijtimoiy soha obyektlari manzilli oʻrganildi. Oʻrganishlar jarayonida aholidan kelib tushgan jami 680 ta muammoli masalalarning 479 tasi hududdagi masʼullar bilan birgalikda joyida hal etildi.

Jumladan, mahallalardagi ichki yoʻllarning holatini yaxshilash yoʻnalishida 13,2 km uzunlikdagi ichki yoʻllar shagʻallashtirildi, 1,7 km qismiga beton qoplamasi yotqizildi, 5,4 km uzunlikdagi piyodalar yoʻlagi taʼmirlandi.

Elektr taʼminotini yaxshilash yoʻnalishida 26 ta transformator taʼmirlandi, 47 ta yaroqsiz simyogʻoch temir-beton ustunlarga almashtirildi va qoʻshimcha 92 ta yangi ustun oʻrnatildi, 6,8 km uzunlikdagi elektr SIP kabellar tortildi, 287 ta tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi.

Tanlab olingan tumanlar boʻyicha 42 mingdan ziyod aholi tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi va uning natijalariga koʻra, kasallik aniqlangan 7,5 ming bemorni davolash ishlari tashkillashtirildi. Jumladan, ular tuman, viloyat va respublika shifoxonalariga yotqizildi. Shu bilan birga, 6 783 nafari bepul dori-darmonlar bilan taʼminlandi.

Ramazon oyining maʼnaviy-ruhiy hayotimizdagi alohida oʻrni va ahamiyatini inobatga olgan holda 79 ta maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi, 904 ta kam taʼminlangan va ehtiyojmand oilalar hamda 728 ta nogironligi bor shaxslar bilan yashovchi oilalar uchun ehson iftorliklari oʻtkazildi.

Jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanadiganlarning sonini oshirish uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sportning futbol, yengil atletika, stol tennisi, vorkaut kabi turlari boʻyicha mahallalarda musobaqalar oʻtkazilmoqda.

Maktablarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida kitobxonlik, estrada, teatr, sayoxat tadbirlari yoʻnalishida toʻgaraklar, milliy maqom, folklor-etnografik yoʻnalishlarda oʻquvchilarning havaskorlik ansambllari tashkil etildi.

Respublika ishchi guruhi tomonidan ishlar davom ettirilmoqda.

2024-03-28 |

Yangiliklar