Sayyor qabulda 5 ta oila yarashtirildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan aholi bilan muloqot qilish, ularning muammolarini bevosita joyida aniqlash va bartaraf etish maqsadida muntazam sayyor qabullar o‘tkazilmoqda.
Bunday qabulning navbatdagisi O‘rta Chirchiq tumanida bo‘ldi. Aholi va tadbirkorlardan tushgan murojaatlar mas’ullar tomonidan o‘rganildi. Xususan, 12 ta murojaat shu joyning o‘zida hal etilgan bo‘lsa, qolganlarini tez fursatlarda hal etish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Boshqarma boshlig‘i Orif Bozorov fuqarolarga majburiy ijro tizimi bilan bog‘liq masalalar, amaldagi qonunchilik haqida ma’lumot berdi. Aytish o‘rinliki, mazkur sayyor qabul davomida ko‘rib chiqilgan aholi murojaatlarining asosiy qismi sud qarorlari ijrosini ta’minlash, aliment qarzdorligini undirish bo‘yichadir.
Qabulda aliment undirib berishni so‘rab kelgan 5 nafar murojaatchining vajlari tinglanib, qarzdor tomon chaqirtirilib ular bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Yakunda bu oilalar yarashtirildi.
Albatta, bu kabi sayyor qabullar fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish imkonini berayotgani bilan yanada ahamiyatlidir.