Xonadoni, ko‘cha va mahallasi obod yurtga to‘yu tomosha yarashadi

News Image

Mahalla to‘ylarini o‘tkazishga undagan tashabbus

Surxondaryoda yangi uy qurgan yoki yangisiga ko‘chib o‘tgan oila qavmu-qarindoshlarini, yaqinlarini taklif etib, elga dasturxon yozadi, osh beradi. Bu udumni uy to‘yi, deyishadi. O‘tgan yildan “Obod xonadon­ –obod ko‘cha –­obod mahalla” mezonlari asosida qiyofasi tubdan o‘zgarayotgan hududlarda xuddi shunga o‘xshash mahalla to‘ylarini o‘tkazish, quvonchini uzoq-yaqindan chaqirilgan mehmonlar bilan baham ko‘rish an’anaga aylandi.

Yangi mezon joriy etilguncha uy qurgan kishi hayotidagi bu o‘zgarishdan nari borsa qavmu qarindoshlari, yaqinlari bilan o‘zi suyungan bo‘lsa, endilikda hududda yuz bergan ulkan yangilanishlar butun mahalla ahliga bayram ruhini ulashmoqda. Keng, ravon yo‘llar, ijtimoiy soha inshootlari qurilgani-yu, mavjudlari tubdan ta’mirlanganidan, toza ichimlik suvi, elektr energiyasi, gaz ta’minoti yaxshilangani-yu, barcha xonadonlar, mahalla butun bo‘y-basti bilan obod bo‘lganidan faxr hissini tuymoqda. O‘z mahallalari misolida Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar qamrovi juda keng, “inson qadri”, degan ulug‘ g‘oya o‘zlari o‘ylaganidan ham ancha zalvorli ekanini chuqur his etmoqda. 

Oltinsoy tumanida To‘xtamish, degan mahalla bor. Hisor tog‘ tizmasining Cho‘libayir tog‘laridan boshlanadigan Vaxshivorsoy darasining ikki tarafida joylashgan. Bolaligim tog‘ tarafda o‘tgani uchun bu qishloqni yaxshi bilaman. Bog‘dorchilik-uzumchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanadigan mahalla odamlari yaqin yillargacha yozda chang, qishda loydan aziyat chekib yashadi. Hozir ham tosh yotqizilmagan, asfalt qilinmagan ichki ko‘chalari yo‘q emas. Yaxshi yashashning ming bir yo‘lini izlagan to‘xtamishliklar issiqxonada limon yetishtirishning, ertagi pomidor, bodring va boshqa ziroatlar parvarishlashning hadisini oldi. Tog‘ taraflarda issiqxonada mahsulot yetishtirishning mehnati yengil bo‘lmasa-da, bu soha ko‘pchilikning turmush tarzini o‘zgartirmoqda. Kimdir daromadidan elga to‘y berayotir. Boshqasi yangi uy qurmoqda, uy-joyini ta’mirlamoqda. Yana birov limonchilikdan olingan daromad evaziga yengil mashina xarid qilayapti.

O‘tgan yil kuzida shu qishloqdagi tanishlarimdan biri to‘yga taklif etdi. Bordik. Yakshanba. To‘kin dasturxon atrofida qishloq oqsoqollari bilan ancha suhbatlashdik. Gurungimiz aylanib, qishloqdagi bugungi sharoit va odamlarning hayot tarziga taqaldi. 

­–Bilasiz, To‘xtamish ham shu tog‘ tarafdagi kichkina mahalla emas,­–dedi oqsoqollardan biri gapni salmoqlab.­ –Qishlog‘imizdan xo‘jalikka, tumanga rahbarlar chiqdi. Quvondik. Chunki, falon qishloqdan pismidonchining o‘g‘li hokim bo‘lib, guzariga suv o‘tkazibdi, ichki ko‘chalarini asfalt qilibdi, qishloqning sveti yaxshilanibdi, mahalla idorasi, bog‘cha qurdiribdi, kabi gap-so‘zlarni ko‘p eshitganmiz-da! Biroq mahalla obod bo‘lmadi, turmushimiz o‘zgarmadi. Yildan-yilga ob-havo injiqlashib, uzum va boshqa mevalar hosildorligi tushdi. Endi suv ham taqchil bo‘layotir. Haliyam issiqxonalar bor ekan, ro‘zg‘orlarga limon va boshqa ertachi mahsulotlar ora kirib turibdi. Lekin issiqxonani ham hamma qurolmayapti. To‘rt-besh so‘m ortiqcha pul topgan kishi barpo etmoqda. Ana, qo‘shni qishloq odamlari “Openbyudjet” bilan ichki ko‘chalarini asfaltlab olibdi. Biz ham shu usulni ko‘rib, harakat qilmasak, qishlog‘imizning ichki yo‘li yaxshi bo‘lmasa kerak...

Tegirmon navbati bilan

Tog‘li qishloq keksalarining dardu tashvishlarini eshitib, beixtiyor xayolga cho‘maman. Ularni umidbaxsh gap bilan bo‘lsa-da, To‘xtamish ham obod, farovon bo‘lishiga ishontirgim keladi. 

Bugun kechagi zamon emas. Dunyo o‘zgarib bormoqda. Hayot shiddat bilan rivojlanib, bugungi yangilik ertaga o‘z qiymatini yo‘qotayotir. Olis, chekka qishloqlarda yashovchilar ham ijtimoiy tarmoqlar orqali barcha o‘zgarishlardan bir zumda xabar topmoqda. Yildan-yilga obod bo‘lib borayotgan qishloqlarga havasi ortayapti. Yangilanishlarga yuz tutayotgan Vatanimizga mos yashashni orzu qilmoqda. 

­–Bolaligimizda “tegirmon navbati bilan”, degan gap bo‘lar edi,­ deyman davradagilarga.­ Ha, endi rahbarlarning ham tutumi har xil bo‘lar ekan. Bundan gina qilmaslik kerak. Birov rahbar bo‘lib, o‘z qishlog‘ini obodonlashtirishni, yana boshqa biri boshqa hududlarga qulay sharoit yaratib, odamlar duosini olishni niyat qilgan bo‘lishi mumkin-da! Aslida katta rahbar degani faqat o‘zi tug‘ilgan mahallani emas, barcha joyni birdek rivojlantirishga mas’ul bo‘ladi. Hayot shu bilan qiziq! Ko‘rasizlar, yaqin yillarda qishloqlaringiz sizlar orzu qilgandan ham zo‘r mahallaga aylanadi. Davlatimiz e’tibordan andak chetta qolayotgan qishloqlarni obod qilishga bel bog‘lagan. Ana, Xayrandarani borib ko‘ringizlar, qisqa vaqtda qanday o‘zgarishlar yuz berdi. Obshir mahallasiga boringizlar. U yerda hashar yo‘li bilan amalga oshirilayotgan ishlarga ishongingiz kelmaydi, axir... 

Mezbonlarga tumandagi Xayrandara, Obshir mahallalarini bejiz aytmadim. Mahallaga olis bo‘lgani uchun o‘sha paytlarda Uzun tumanidagi Yangi yo‘l, Muzrabot tumanidagi Yurtim Jamoli, Boysun tumanidagi tog‘li Duoba, Bandixon tumanidagi Lolazor mahallalarida boshlangan yirik obodonlashtirish–qurilish ishlarini misol keltirmadim. Gapni qisqaroq qilib qo‘ydim. 

O‘tgan yili viloyatdagi oltita hududda “Obod xonadon–­obod ko‘cha –obod mahalla” mezonlari asosida yirik hajmdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ularda yangi infratuzilma inshootlari barpo etilib, mavjudlari tubdan rekonstruksiya qilindi. Kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarning xonadonlari, ko‘cha devorlari ta’mirlandi, oqlandi. Keng, ravon yo‘llar barpo etildi. Ichimlik suvi va elektr energiyasi ta’minoti yaxshilandi. Xullas, mahalla ahlining hayotidan rozi bo‘lib yashashi uchun yetarli sharoit yaratildi. “Yo‘l xaritasi” da belgilangan ishlar yakunlangach, to‘kin dasturxon yozilib, elu xalqqa to‘y berildi. Osh tarqatilib, turli musobaqalar o‘tkazildi. San’atkorlarning qiziqarli konsert dasturlari namoyish etildi. 

Tushunaman. Hozirgi keksa avlod vakillari bolalikda qiyinchilik bilan ulg‘aygan. Ocharchilik yillarini boshdan o‘tkazgan. Boriga shukr, yo‘g‘iga qanoat qilib, yashashga ko‘nikkan. Bugun ko‘proq o‘zlarini emas, farzandlari, nevaralari va kelgusi avlodlar farovonligi uchun g‘am yemoqda. Ehtimol, qishloqdagi hozirgi sharoitga qariyalardan ko‘ra, ko‘proq yurt kezib kelayotgan yoshlar ko‘nikolmayotgandir, qanoat qilmayotgandir... 

Shukr, qanoatda ham ko‘p gap bor

To‘xtamishdagi 724 oilada 2 ming 920 dan ortiq aholi yashaydi. Ularning 186 nafari turli korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilmoqda. 150 nafari tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotir. Yettita fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda. Aholiga 96,8 gektar maydon tomorqa sifatida ajratib berilgan. 351 oila tomorqasining 15 gektar yerida issiqxona barpo etgan. 510 xonadonda 945 bosh qoramol, 1 ming 220 bosh mayda mol parvarishlanmoqda. Parrandachilik bilan shug‘ullanayotgan 362 xonadon 3 ming 650 dan ortiq parranda boqmoqda. Bitta xonadonda 80 oila asalari bor. Bitta mahalla guzari, 8 ta savdo do‘koni aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. 

O‘tgan yilning kech kuzi edi. “Obod xonadon –­obod ko‘cha –­obod mahalla” mezonlari asosida yangilangan Boysun tumanidagi Duoba mahallasi ahlining quvonchlariga sherik bo‘lish uchun yo‘lga chiqdik. Yo‘l-yo‘lakay gap qishloqlarni obodonlashtirish, odamlarga qulay sharoitlar yaratish masalasiga borib taqalganida To‘xtamishdagi to‘yni eslab, hamrohlarimga bu mahalla infratuzilmasi va oqsoqollar fikrlari haqida gurung berdim. 

­–Siz aytayotgan hududlarning sharoiti va turmush tarzini yaxshi bilaman,­ dedi Prezidentimizning Surxondaryodagi Xalq qabulxonasi mudiri, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Abdulhakim Eshmuratov.­ –O‘sha tarafdan viloyat Kengashiga nomzodim qo‘yilganida har bir qishloqda bo‘lib, o‘rganganman. Katta Vaxshivorda qanday masalalar bor. To‘xtamish, Chinor, Bodhavo, Zardaqulning muammolari nimalardan iborat... Bu mahallalarda dehqonchilik uchun suv taqchil bo‘layotganidan ham xabarim bor. To‘xtamish og‘ir toifadagi hududlar ro‘yxatiga kiritilgan. To‘g‘ri aytibsiz, hali oqsoqollar orzu qilganidan ham obod mahallaga aylanadi...

...Yil boshida Abduhakim Eshmuratov bilan yana uchrashib qoldik. Vatanimizga tinchlik, farovonlik, bir-birimizga Yangi yilning fayzli, barokatli kelishini tiladik. 

­–Bir yangilikni aytaymi, sizga,­ –dedi A.Eshmuratov.­–Bu yil Qiziriq tumanidagi Bog‘iston, Sho‘rchi tumanidagi Baxshtepa-1, Muzrabot tumanidagi Yakkatol, Oltinsoy tumanidagi To‘xtamish mahallalarini “Obod xonadon–­ obod ko‘cha­ –obod mahalla” mezonlari asosida obodonlashtirib, qiyofasini tubdan o‘zgartiramiz. Qish ob-havosi iliq kelayapti. Vaqtni boy bermay, yaqin kunlarda ishni boshlaymiz. Bu mahalla yo‘li hazrati So‘fi Ollayor, Mavlono Zohid ziyoratgohlariga olib boradi. Ana shu yo‘l ham ziyoratchilarning bahri-dilini ochadigan qiyofaga keladi. Bu mahallalar odamlari boriga shukr qilib yashab kelayotgan edi. Shukr, qanoatda ham ko‘p gap bor...

Yangi mezon asosida qiyofasi tubdan yangilanishni boshlagan mahallalarda bunday ulug‘vor ishni amalga oshirish uchun “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Mablag‘lari aniq hisob-kitob qilingan. Korxonalar ishchilari bajaridigan vazifalar, hasharchilar qiladigan ishlar belgilab olingan. Shunga ko‘ra, birgina To‘xtamishda mahalla hududidan o‘tuvchi mahalliy avtomobil yo‘lining 4,5 kimlometr, mahalla hududidagi ichki avtomobil yo‘lining 2,5 kilometr qismiga asfalt yotqiziladi. Ta’mirtalab olti kilometr ichki xo‘jalik yo‘li toshlanadi. Bitta yangi transformator o‘rnatilib, oltitasi ta’mirlanadi. 101 dona yangi temir beton ustun o‘rnatiladi va to‘rt kilometr elektr tarmog‘i tortiladi. 35 ta quyosh panelli tungi yoritish chirog‘i odamlarning tunda keng, ravon ko‘chalarda harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratadi. Aholining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash uchun ikkita suv inshooti, bitta suv stansiyasi quriladi. 15 kilometr yangi quvur tortilib, olti kilometr mavjud suv tarmog‘i ta’mirlanadi. Oqova suv ariqlarining irrigatsiya tizimi tubdan yaxshilanadi. 

To‘xtamishning “yo‘l xaritasi”da mahalla fuqarolar yig‘ini binosini joriy ta’mirlash, hududda yangi maktab qurish, mavjud qarovsiz inshootni zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi va qishloq vrachlik punkti binosiga moslashtirish, kam ta’minlangan, yordamga muhtoj oilalarning uy-joylarini ta’mirlab berish kabi yirik ishlar rejalashtirilgan. Yo‘l bo‘ylariga ko‘chat o‘tqazib, obodonlashtirish, mahalla hududining kirish qismiga stello qurish belgilab olingan.

Qish ob-havosining mo‘’tadil kelayotganidan foydalangan quruvchilar, yo‘lsozlar, hasharchilar hududda bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlarini allaqachon boshlab olgan. Mahallaning kirish qismiga stello o‘rnatilib, uy-joylarni ta’mirlash, yo‘llarni rekonstruksiya qilib, atrofiga manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish, qabristonni obodonlashtirib, ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish, mavjudlarini ta’mirlash singari ishlar uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Hashar yo‘li bilan amalga oshirilayotgan yumushlarda to‘xtamishliklar ham faol ishtirok etmoqda. 

“Guldek umrimiz bir qo‘shchiga ming boshchi bo‘lgan zamonda o‘tibdi”

Hasharga maslahatguy bo‘layotgan oqsoqollar endilikda mahallasidan, qishlog‘idan mansab pillapoyasiga o‘tirgan insonlardan gina qilmasa ham bo‘ladigan davr kelganini his etmoqda. Bu gapni aytayotganimning ma’nisi­ mezon joriy etilgan mahallalarda nafaqat, katta hajmdagi obodonlashtirish, qurilish ishlari ko‘zga tashlanmoqda, balki davlatchiligimizning, xalqimizning mehr-muruvvatga yo‘g‘rilgan olijanob fazilatlari, ahilligi va insonparvarligi keng namoyon bo‘layotir. Tumanning turli hududlaridan kelgan bunyodkor-u, hasharchilarning belni mahkam bog‘lab, shijoat bilan mehnat qilayotgani, ehtiyojmand oilalarga moddiy-ma’naviy yordam ko‘rsatilib, turli sovg‘a-salomlar ulashilayotgani, yoshu keksa chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, salomatligi tiklanayotgani, mahalla ahli va hasharchilar uchun qiziqarli konsert dasturlari namoyish etilayotgani bunga yaqqol dalildir.

­–Ko‘p yillar mahallaga rais bo‘ldim. Hududdan tuman Kengashi deputati etib saylandim, –deydi to‘xtamishlik Abduvosit Qodirov.­–Ichki yo‘llarni ta’mirlash, ijtimoiy inshootlar barpo etish, mavjudlarini ta’mirlash kabi masalalarda mahalliy hokimlikka murojaat etaverib, charchaganman. Har gal sabr qilingizlar, mablag‘ bo‘lsa bajaramiz, dasturga kiritamiz, degan so‘zlar bilan qo‘ltig‘imni puch yong‘oqqa to‘ldirib yuborishgan. Mana, inson qadrini his etib, elning boshini qovushtirsa, ko‘pning oldida bu ishlar hech gap emas ekan. E-e, shu bahonada har bir kishi tibbiy ko‘rikdan ham o‘tib, sog‘ligi haqida yetarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Kasallik aniqlanganlarini bepul davolash choralari ko‘rilmoqda. Qarang, xalqiga qanday mehribon davlatda yashayapmiz... 

Maboda yo‘lingiz tushib, bugun To‘xtamishga kelsangiz chorak asrdan ortiq yilda bajarilmagan ishlar qisqa kunlarda ro‘yobga chiqarilayotganiga guvoh bo‘lasiz. Agar avvallari ham bu taraflarga kelgan bo‘lsangiz, mahallada mehnat qilayotgan quruvchilar, hasharchilar va qudratli texnikalar yordamida mahalla ahlining orzu-umidlari ro‘yobga chiqayotganidan hayratda qolasiz. Vaxshivorsoy etaklaridagi Xo‘jasoat qishlog‘i tugab, qiya yo‘l tepalikdagi To‘xtamishga o‘rlagan hududda o‘rnatilgan salobatli stello va tevarak-atrofga ekilgan manzarali daraxt ko‘chatlaridan siz ham fahr hissini tuyasiz. 

­–Afsus, guldek umrimiz bir qo‘shchiga ming boshchi bo‘lgan zamonda o‘tibdi,­–deydi o‘tgan yili to‘yda suhbatlashgan oqsoqollarimizdan biri.–Aslida hozirgidek ming ishchiga bir boshchi bo‘lsa, rivojlanish, taraqqiyot yuz beradi. Qisqa kunlarda, tag‘inam qish faslida mahallamizda shunday yirik qurilish, obodonlashtirish ishlari bo‘lishini hayolimizga keltirolmas edik. Qarang, ehtiyojmand oilalarning xonadonlarini ham ta’mirlashga kirishdilar. Bu yerlarga buncha hasharchi, buncha texnikani keltirib, ishlatishning o‘zi bo‘lmaydi, axir! Qani edi, belimizda quvvatimiz bo‘lsa-yu, biz ham yoshlarga qo‘shilib, zavq bilan ishlasak. Bularning barchasi mamlakatimizdagi tinchlik, to‘kinlik va ahillik mevasidir...

Bugun viloyatda “Obod xonadon –­obod ko‘cha –­obod mahalla” mezonlari joriy etilgan hududlarning barchasida odamlar hayoliga keltirmagan o‘zgarish va yangilanishlar yuz bermoqda. Katta mehnat va salmoqli mablag‘ evaziga amalga oshirilayotgan bu ishlar o‘sha mahallalarda yashovchi o‘n besh mingga yaqin aholining hayotidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlaydi. Ish shu yo‘sinda, shu shiddatda davom etsa, to‘rtta mahallada ham Navro‘z qo‘shaloq bayram sifatida nishonlanib, yangilangan mahalla to‘ylari o‘tkaziladi.

Yaqinda yana bir xushxabar tarqaldi. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bu ishlar bilan cheklanib qolmay, kech bahorgacha vohadagi 80 ga yaqin mahallani obodonlashtirib, yangi qiyofada bo‘y ko‘rsattirish g‘oyasini ilgari surdi. Shu kunlarda tanlab olingan bu mahallalarda ham har bir hududning “yo‘l xaritasi” asosida obodonlashtiri –-bunyodkorlik ishlari yuqori kayfiyatda boshlab yuborilgan. Joylarda amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar inson qadrini ulug‘lab, xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida olib borilayotgan islohotlarning yorqin ifodasidir. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri

2024-02-07 |

Yangiliklar