Obod manzillar ko‘paymoqda

News Image

Toshkent viloyati mahallalarida “Obod xonadon– obod ko‘cha– obod mahalla” mezonlari bo‘yicha qizg‘in ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday manzillardan biri Yangiyo‘l tumanining Niyozboshi mahallasidir.

Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev mazkur mahallada amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi va mahalla ahli bilan muloqotda bo‘ldi. 

– Mahallada hozir 526 ta xonadon bor bo‘lib, 743 ta oila yashaydi, – deydi Yangiyo‘l tumani hokim o‘rinbosari Erali Abdurasulov. – Ularga qulay sharoit yaratish uchun joylarda savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, 2 ta oilaviy korxona tashkil etildi. O‘rganishlar davomida bolalar o‘yingohi va mini stadion, kutubxona ham qurish bo‘yicha fuqarolardan takliflar aytildi. 

Shuningdek, 5 ta ko‘chada reja bo‘yicha 90 ta temir- beton ustun o‘rnatish, 2 ta transformatorni ta’mirlash va 1 ta yangi 400 kilovatt quvvatga ega transformator olib kelish, 4,5 kilometr masofada elektr tarmoqlarini yangilash, 150 dona tungi yoritgich chiroqlarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Hozir amaliy ishlar boshlangan. O‘z navbatida aholi salomatligini ta’minlash maqsadida fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularning 28 nafari uchun ambulator sharoitda davolanishga yo‘llanma va 1 nafar bemorga bepul dori-darmon berildi. 

Xatlov jarayonlarida aniqlagan og‘ir turmush sharoitidagi 2 ta xonadonda qayta qurish va ta’mirlash ishlari boshlandi. Niyozboshi mahallasining binosi ham yangidan qurilmoqda. Aslida bu mahallaning ko‘plab aholisi yil bo‘yi o‘z tomorqasida ko‘k piyoz va turli ko‘katlar yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Bunda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili bo‘yicha oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun tuman hokimligi ham amaliy ko‘mak bermoqda. 

2024-02-02 |

Yangiliklar