Toshkentning qish mavsumiga tayyorgarligi o‘rganilmoqda
Qishning birinchi kuni ham kirib keldi. Hademay, havo harorati pasayib, sovuq kunlar boshlanadi. Shu sababli davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi har bir hududda qishga tayyorgarlik holatini sinchkovlik bilan o‘rganmoqda, aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etmoqda.
Ana shunday o‘rganishlardan biri Toshkent shahrining Olmazor tumani Olimpiya mahallasida amalga oshirildi. Hududda joylashgan ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha ob’ektlari ko‘zdan kechirildi, deyiladi Respublika ishchi guruhi ma’lumotida.
Mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish, jumladan, elektr, gaz, suv ta’minoti, isitish tizimlarining barqaror ishlashi maqsadida tegishli tashkilot mas’ullariga tavsiyalar hamda amaliy ko‘mak berildi.
Xususan, hududdagi “Sag‘bon” podstansiyasida ta’mirlash ishlari ko‘zdan kechirilib, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent shahar filiali uchun birlamchi zarur ijtimoiy soha ob’ektlari va aholi punktlariga elektr energiyasini uzluksiz yetkazish hamda avariya holatlarining oldini olish maqsadida qo‘shimcha dizel generatorlari, kerakli asbob-uskunalar olib kelinishi ta’minlandi.
Shu bilan bir qatorda, o‘rganishlar davomida Olimpiya mahallasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan ham tanishildi. Respublika ishchi guruhi vakillari tomonidan “Yashil makon” dasturi doirasida mahalla hududida mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Ishchi guruh faoliyati davom etmoqda.