“Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla”: bunyodkorlik ishlari avjida

News Image

Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan joylarda “Obod xonadon –obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.

Jumladan, Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari hamda tegishli vazirlik va idora vakillaridan tashkil topgan Respublika ishchi guruhi boshchiligida shunday ezgu ishlar Toshkent viloyatida ham olib borilmoqda.  

O‘tgan ikki yarim oy mobaynida Toshkent viloyati bo‘yicha tanlangan 4 ta “og‘ir” mahallada – Piskent tumanidagi “Suvti”, Bekobod tumanidagi “Xonobod”, Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Boyg‘ulli” va Quyi Chirchiq tumanidagi “Ko‘ksaroy” MFYlarda 41 ta ko‘chada bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.  

Dasturga ko‘ra, 966 ta o‘ta og‘ir sharoitda yashayotgan fuqarolarning turar joylari kapital ta’mirlab berildi. Mahallalarda 5,8 kilometr yo‘lga shag‘al yotqizilib, piyoda yo‘laklari qurildi. Besh kilometrga yaqin uzunlikdagi yangi elektr tarmog‘i tortildi, 253 dona yoritish chiroqlari o‘rnatildi, 2 ta yangi transformator o‘rnatilib, 11 tasi kapital ta’mirlandi, 1 mingdan ziyod simyog‘och ustunlarni beton ustunlarga almashtirildi, 82 ta yangi qo‘shimcha temir-beton ustunlar o‘rnatildi.  

Gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 12 ta gaz taqsimlash punkti, 35,2 kilometr gaz tarmog‘i ta’mirlandi. Aholi talabidan kelib chiqqan holda xonadonlarga qo‘shimcha 126 ta suyultirilgan gaz balloni, 12 tonna ko‘mir yetkazib berildi.  

Aholining yordamga muhtoj qatlami ijtimoiy hamda tibbiy muhofazasi masalalari ham Respublika ishchi guruhi e’tibori markazida bo‘ldi.  

Xususan, 289 nafar fuqaroni doimiy ish joyi bilan ta’minlashda, 36 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishida, 26 nafariga esa 625 million so‘m imtiyozli kredit olishiga ko‘maklashildi.  

“Temir daftar”, “Yoshlar daftari” hamda “Ayollar daftari”dagi 80 ga yaqin fuqaroga 100 million so‘mdan ziyod turli moddiy yordamlar ko‘rsatildi.  

Shu bilan birga 10 mingga yaqin fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik natijasiga ko‘ra, 47 nafariga davolanish uchun bepul order berildi va shifoxonaga joylashtirildi, 500 ga yaqin fuqaro bepul dori-darmon vositalari bilan ta’minlandi. 

Xonadon madaniyatini yuksaltirish, oilalarda farzand tarbiyasi, kitobxonlikni targ‘ib qilish, sport tadbirlari, “Uch avlod uchrashuvlari” kabi yuzdan ziyod tadbirlar tashkil etildi.  

Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.  

2023-11-27 |

Yangiliklar