Xalq bilan ochiq, samimiy muloqotlarda vohaning barcha hududlari qamrab olindi

News Image

Odamlarning farovon hayotini ta’minlashda, aholini qiynab kelayotgan muammolarga yechim topishda Xalq bilan muloqot eng maqbul tizimga aylandi. Respublika ishchi guruhi boshchiligida Qashqadaryo viloyatida sud-huquq masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan ommaviy muloqotlar ham shu maqsad yo‘lida olib borildi.

Viloyatning Shahrisabz, G‘uzor tumanlari va Qarshi shahrida tashkil etilgan xalq bilan ochiq, samimiy muloqotlarda vohaning barcha hududlari qamrab olindi. Qabullar jarayonida murojaatchilarning ko‘plab muammolariga ijobiy yechim topildi.    

Xususan, Respublika ishchi guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, sud organlariga 129 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning aksariyati joyida hal etilgan. Masalan, 39 nafar shaxsga nisbatan jazodan shartli ozod qilish bilan bog‘liq ishlar sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilib, ular jazo o‘tash bo‘yicha muddatidan avval ozod qilindi. 20 nafar fuqaroning firibgarlik yuzasidan qilgan murojaatlari bo‘yicha tergov ishlari qo‘zg‘atildi.    

Oila hamisha muqaddas sanaladi. Kelishmovchilik bo‘lgan oilalarda farzandlar taqdiri uchun avvalo murosa yo‘li ko‘rsatilishi muhim. Bu borada ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan suhbat o‘tkazilib, 4 nafari yarashtirildi.    

Bundan tashqari, uy-joyga egalik huquqini belgilash hamda qarz undirish bilan bog‘liq fuqarolik hamda iqtisodiy ishlar ham ko‘rib chiqilib, da’volar qanoatlantirildi. Jumladan, G‘uzor tumanidagi “Chanoq” mahallasida yashovchi Baxtiyor Toshpo‘latovning kredit qarzdorligini undirish bo‘yicha kiritgan da’vo arizasi G‘uzor tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan adolatli ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etildi.    

Viloyat prokuratura organlari tomonidan 97 nafar fuqaroning murojaati atroflicha o‘rganilib, imkon qadar joyida hal qilish choralari ko‘rildi. Misol uchun, Kitob tumanidagi “Kesh Shohruxxon servis kiftiob” xususiy korxonasi rahbari Yu.Uzoqovaning biryo‘la ikkita — yangi sex binosini kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish va tabiiy gaz bilan ta’minlash masalalari qisqa muddatlarda hal qilib beriladigan bo‘ldi.  

Bundan tashqari, ommaviy qabul davomida o‘z o‘zini band qilishi uchun amaliy yordam so‘ragan 12 nafar fuqaroga bepul tikuv mashinalari, payvandlash uskunalari va kompyuter jamlanmalari topshirildi.  

Ichki ishlar organlari qabullari jarayonida fuqarolarning 100 dan ortiq murojaatlari ko‘rib chiqilib, 50 nafar fuqaroning murojaati joyida o‘z yechimini topdi.    

Qabul jarayonida IIB mas’ullari tomonidan 5 nafar fuqaroga davolanishi uchun moddiy yordam ajratildi, 10 nafar shaxsning fuqarolik so‘rab qilgan murojaati bo‘yicha rasmiylashtirish ishlar boshlandi.    

Adliya idoralari tomonidan ham har bir murojaat sinchiklab o‘rganildi. Shahrisabz tumanidagi “Oqqo‘rg‘on” mahallasida yashovchi R.Saidova oilaviy muammolari tufayli tug‘ilganlik guvohnomasini o‘z vaqtida ololmaganini aytib, viloyat adliya boshqarmasi mas’ullariga murojaat qildi.    

Darhaqiqat, aholining turli masalalarini hal etishda keng qamrovli yondashib ish ko‘rish bir necha yillik muammolarni shu yerning o‘zida hal etish imkonini beradi.  

Ommaviy qabullar davomida 20 ga yaqin fuqaroga davolanish uchun viloyat va respublika tibbiyot muassasalariga yo‘llanmalar, 30 dan ziyodiga nogironlik aravachalari, eshitish moslamalari topshirildi. 10 nafar ehtiyojmand oilaning uylari homiylik asosida ta’mirlab beriladigan bo‘ldi.    

Qashqadaryoda sud-huquq masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan 3 kunlik ommaviy qabullar davomida jami 492 ta masala ko‘rib chiqilib, aksariyati ijobiy hal qilindi, huquqiy tushuntirish va maslahatlar berilib, muddat talab qiladigan 166 ta murojaat nazoratga olindi.  

Hech bir murojaat e’tibordan qolmay, ijobiy natijalar ko‘lami kengaymoqda.  

2023-11-09 |

Yangiliklar