Aholining uzoq yillik muammosi hal bo‘ldi

News Image

Buxoro viloyati Romitan tumanining “Alisher Navoiy” va “Bobur” mahallalarini bog‘lovchi ko‘prik belgilangan hajmdan og‘ir bo‘lgan yuk avtomashinalarining qatnovi bois ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan edi. Fuqarolar ushbu muammoni yechimini hal etib berishlarini so‘rab tegishli idoralarga murojaat qilgan.

Aholining bir necha yillik orzusi ushaldi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 24 oktyabrdagi 614-sonli qaroriga asosan Buxoro viloyati Romitan tumani “A.Navoiy” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi 4k-168d “4R-48 avtoyo‘lidan 4R-68 avtoyo‘liga Shaxobcha” avtomobil yo‘lining PK06+00 dagi ko‘prikni rekonstruksiya qilish natijasida zamonaviy tarzda yangi ko‘prik qurilib, foydalanishga topshirildi.  

Ochilish marosimida sektor rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, tegishli tashkilot, korxona vakillari, tuman IIB, YHXB vakillari, qolaversa, mahalliy aholi, nuroniy otaxonlar hamda mahalla faollari qatnashdi. Ochilish marosimida Romitan tumani hokimi Umidjon Barnoyev ishtirok etdi. Yangi qurilgan ko‘prik xalqqa uzoq yillar mobaynida samarali xizmat qilishini ta’kidladi. Ko‘prik qurilishida ishtirok etgan barchaga o‘z minnatdorligini bildirdi.  

Nuroniy otaxonlar ko‘prikni ochib beruvchi ramziy tasmani kesib, uning birinchi foydalanuvchilari bo‘ldi. Ochilish davomida yaxshi niyatlar bilan qur’on tilovat qilindi.  Ko‘prik qurilishida ishtirok etgan Romitan tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi xodimlariga tuman hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi.  

Ma’lumot uchun ushbu hududdagi 40 ming nafar fuqaroga xizmat qiladigan ko‘prikning uzunligi 30 metrni, eni esa 15 metrni tashkil etadi. Yangi ko‘prik 30-40 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega. Loyihaning umumiy qiymati 2 milliard 167 million so‘mni tashkil etib, qurilish ishlari Romitan tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan amalga oshirildi.  

2023-05-17 |

Yangiliklar