Huquq ustuvorligi indeksi reytingi yakunlari bo‘yicha 7 ta yo‘nalishda 32 ta indikatorda Buxoro viloyati birinchi o‘rinni egallagan

Bu haqida Viloyat prokurori Mahmud Istamov Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasidagi hisobotida ma’lum qildi.
Sessiya ishida Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, tegishli boshqarmalar, tashkilotlar hamda muassasalar rahbarlari, siyosiy partiyalar yetakchilari, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Sessiyani Xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi, viloyat hokimi Botir Zaripov olib bordi.
Ma’lum bo‘lishicha, Respublika miqyosida viloyatlarning Huquq ustuvorligi indeksi reytingi yo‘lga qo‘yilgan. 60 ga yaqin davlat organlari va idoralar, mahalliy hokimliklar, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan shakllantirilgan 85 mingdan ortiq statistik ma’lumotlar, 23,5 ming nafar aholi hamda ekspertlar o‘rtasida o‘tkazilgan sotsiologik so‘rovlar natijasiga ko‘ra aniqlanadi.
2022 yilda e’lon qilingan reyting yakunlari bo‘yicha 7 ta yo‘nalishda 32 ta indikatorda Respublikaning 14 ta hududi o‘rtasida Buxoro viloyati birinchi o‘rinni egallagan.
Bu yutuqlarda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan bir qatorda prokuraturaning ham alohida o‘rni bor.
Lekin, ushbu reytingda viloyat Fuqarolar huquq va erkinliklarining ta’minlanishi yo‘nalishida 8-o‘rinni, Korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorligi yo‘nalishida 6-o‘rinni egallagan.
Mazkur yo‘nalishlardagi ko‘rsatkichlarning nisbatan past bo‘lishi sabablari tahlil qilingan. Ayni paytda ushbu sohalarda prokuror nazoratini yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.