Paxtachilik yoshlarning muammolari eshitildi

Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Axmedovning navbatdagi “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi Paxtachi tumanida tashkil etildi.
Uchrashuvda dastlab davlatimiz rahbarining parlament va mamlakatimiz xalqiga Murojaatnomasida olti yo‘nalish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar, tashabbus va takliflar, jumladan, yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ularning kelajagi bilan bog‘liq masalalar mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.
So‘ngra yoshlarni qiynab kelayotgan muammo va kamchiliklar, ularning takliflari eshitildi.
Xudoyberdi mahallasida yashovchi Adham Shodmonov o‘zi tashkil qilgan avtomobil ta’mirlash ustaxonasi faoliyatini kengaytirishda yordam so‘radi. Boshqarma boshlig‘i kasb-hunarli yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun harakati davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi va unga zamonaviy asbob-uskunalar yetkazib beriladigan bo‘ldi.
"Do‘ng" mahallasidan kelgan Shohrux Bobomurodov mahalladagi stadionning o‘rindiqlari yo‘qligini, sport murabbiysi Marjona Qilicheva tuman markazida zamonaviy sport zali mavjud emasligini bildirib, ushbu masalalarda yordam berilishini so‘radi.
Ikkala masala ham tegishli viloyat boshqarmasi va tuman hokimligi tomonidan o‘rganilib, muammolar ijobiy hal qilinishi bildirildi.
– Tengdoshlarimning kompyuter va zamonaviy axborot texnologiyalariga qiziqishlari yuqori, – deydi "Sardoba" mahallasida yashovchi Barot Tojiyev. – Lekin mahallamizda bunday imkoniyat yo‘q. Agar menga kompyuter jamlanmalari olishga ko‘mak berilsa, mahallamizdagi yoshlarga kibersport va dasturlashni o‘rgataman. Ushbu masalada DXX viloyat boshqarmasiga murojaat qilgandim, yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilishi aytildi. Bu mahallamiz yoshlari uchun yaxshi yangilik bo‘ldi.
Uchrashuvda shu kabi o‘nlab murojaatlarga shu yerning o‘zida yechim topildi. Mahallalardagi ishsiz, ijtimoiy ko‘makka muhtoj yigit-qizlarga daromad topishi uchun asbob-uskunalar berildi.