Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi

Navoiy shahrida hududdagi tadbirkorlar faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni atroflicha o‘rganish, ularni hal etish yuzasidan tezkor choralar ko‘rish, shuningdek sohaga oid berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar bilan ularni yaqindan tanishtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Maraziy banki Raisi o‘rinbosari Bobir Abubakirov ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.
Unda 30 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etib, o‘z taklif va muammolarini bildirdi.
Murojaatlar asosan, kredit olish va avval olingan kredit to‘lov muddatini uzaytirib berish, bank xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilash, soliq ma’murchiligi, gaz ta’minoti, yer hamda subsidiya ajratish bilan bog‘liq muammolar bo‘lib, aksariyati shu joyning o‘zida hal etildi.
– Uchrashuvda anchadan buyon qiynab kelayotgan muammoni o‘rtaga tashlab, amaliy yordam kerakligini bildirdim, – deydi Karmana tumanidagi "Nurshod Navoiy" MCHJ rahbari Dilshod G‘aybullayev. – Mutasaddilar avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchasi tashkil etish uchun 60 ming AQSH dollari miqdorida kredit ajratish masalasini ijobiy hal etib berdi.
Ochiq muloqotda o‘rganilishi vaqt talab etiladigan murojaatlar ijroga qabul qilinib, viloyat hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda har bir murojaatni e’tiborsiz qoldirmaslik va ijobiy hal etish bo‘yicha choralar belgilab olindi.