102 yoshli momoga «Shuhrat» medali topshirildi

Prezident farmoniga muvofiq 100 yoshdan oshgan bir guruh O‘zbekiston fuqarolari «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi. Ular orasida Qiziltepa tumanida yashovchi 102 yoshli Hamro momo Muslimova ham bor.
Hamro momo 40 yildan ortiq vaqt davomida o‘rta maktabda bolalarga boshlang‘ich ta’limdan saboq bergan.
Onaxon turmush o‘rtog‘i rahmatli Adiz bobo Sharipov bilan 5 nafar farzandni oq yuvib-oq tarab voyaga yetkazgan. Hozirgi kunda 35 nevara, 61 chevara va 22 nafar evaraning ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda.
U kishini ayyom arafasida qutlash uchun viloyat hokimligi mutasaddilari, davlat va jamoat tashkilotlari, OAV vakillari hududdagi «Oqmachit» mahallasidagi xonadonga keldi. Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov Prezident nomidan momoni tabriklab, «Shuhrat» medalini taqdi va bayram sovg‘alarini topshirdi.
Hamro momo ushbu dorilamon kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga shukur aytib, odamlarning farovon yashashi yo‘lida xizmat qilayotgan davlatimiz rahbariyatiga sog‘lik-omonlik so‘rab duo qildi.